Or – nomus, hamiyat, mardlik, vijdon amriga itoat etish, adolatpeshalik, haqgo‘ylik sifatlari necha asrlardan beri davom etib kelmoqda. Hayo, andisha, lafz, omonatga xiyonat qilmaslik, rostgo‘ylik dini islomimizda ham, xalq tushunchasida ham mustahkam o‘rin tutib kelgan. «Hayo iymondandir», deyiladi muborak Hadisi sharifda. Ulug‘ allomalarimiz o‘z asarlarida bu xislatlarni komil inson fazilatlari sifatida ulug‘lab kelganlar. “Haromdan yiroq yurgin, tongla qiyomat kuni otashda kuymaysan», deya uqtiradi Abduxoliq G‘ijduvoniy. SHe’riyat sultoni Alisher Navoiy esa o‘zining «Mahbub ul-qulub» asarida: «Odamiyning yaxshirog‘i uldirkim, parso va pok bo‘lgay va haq so‘zni ayturda bevahmu pok bo‘lgay. O‘zi poku ko‘zi pokni inson desa bo‘lur, tili arig‘ (nozik) va ko‘ngli arig‘ni musulmon desa bo‘lur», deydi. O‘zbek xalqining ma’naviy qiyofasi uning milliy xususiyatlari bilan go‘zal va boshqa xalqlardan ham u o‘zining ana shu xususiyatlari bilan ajralib turadi. Milliy udumlar, urf-odatlar va an’analar xalq ma’naviyatini boyituvchi muhim omil ekanligi haqida gapirib, I.A.Karimov quyidagi fikrlarni bildirib o‘tadi: “Albatta, har qaysi xalq yoki millatning ma’naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi”.
Bugun G‘arbning ayrim “o‘ta liberallar»i milliy urf –odat, anьanalar mamlakat taraqqiyoti va undagi demokratiyaga zid keladi, iloji boricha ulardan voz kechish kerak, degan qarashlarni targ‘ib etmoqdalar. Ular G‘arb mamlakatlarida mavjud an’ana, udum va odatlar, turmush tarzi yer yuzining hamma joyida birday amal qilishini istaydilar. Ularning istagiga ko‘ra, SHarq mamlakatlari o‘z milliy qiyofasi, ma’naviy–axloqiy qadriyatlaridan voz kechishi, ya’ni, xalq yoppasiga amerikalashishi yoki yevropalashishi kerak. G‘arb mamlakatlaridagi «buyuk tafakkur» egalari fikricha, farzand ulg‘aygandan so‘ng, u butunlay mustaqil shaxs, u endi ota–ona maslahatlariga muhtoj emas, har qanday ishni bemalol o‘zi hech kimning maslahatisiz hal eta oladi. Oilada ham har bir kishi o‘z muammosini o‘zi mustaqil hal etishi kerak, har kim o‘zi uchun yashaydi, er xotin ishiga, xotin er ishiga aralashishi mumkin emas. Kishidagi betgachoparlik, manmanlik, andishasizlik ular uchun o‘z huquqini himoya qilish, ya’ni “demokratiya“ deb baholanadi. Bu va bunga o‘xshash illatlarni xalqimiz azal–azaldan qoralab kelgan. Bu illatlar g‘arbliklar jar solayotgan “yuqori madaniyatli“lik belgisi emas, bu milliy qiyofasini buzish, milliy iftixor, milliy o‘zlikni anglashdan mahrum etish, turli illatlarni kuchaytirib, ruhiy–ma’naviy fazilatlarni, yaьni odamiylikni yo‘q qilishdir. Bu g‘oyat qabix niyatdir. Bunda nafaqat alohida shaxslar shikastlanadi, balki butun millatlar yemiriladi va odamlarimiz shunday g‘oyani olib kelib singdirganlar uchun tayyor qurolga, «taraqqiy etgan» qulga aylanadilar. Ana shunday ahvolga tushmaslik uchun yoshlarimiz qalbida milliy–ma’naviy qadriyatlarni tinmay tarbiyalab borishimiz zarur. Bugun milliy ma’naviyatimizni izdan chiqarishga qaratilgan buzg‘unchi kuchlarga zarba berish uchun birinchi galda ularning mafkurasi va falsafasini, bu kuchlar qaerdan ma’naviy oziqlanayotganligi hamda maqsadlarini aniq – tiniq tasavvur etish kifoya va yoshlarga ularning buzg‘unchi niyatlarini ochiq–oydin tushuntirib berishimiz darkor.
Xalq o‘rtasida buzg‘unchi kuchlar mafkurasiga qarshi milliy ma’naviyatimiz boyliklari targ‘ibotini tobora kuchaytirib borish zarur. Bu sohada mamlakatimizda katta ishlar amalga oshirilmokda. Milliy–ma’naviy tiklanishlar va ma’naviyatimiz targ‘iboti boshida Yurtboshimiz I.A.Karimovning o‘zi turibdi. Bugun xalqimizning yo‘qlik sari yuz tutgan barcha milliy–ma’naviy qadriyatlarini tiklash va ularning targ‘ib–tashviqotiga alohida ahamiyat berilmoqda.
Shuncha harakatlarga qaramay, ba’zan turli sabablar bilan odamlar, yoshlar orasida turli buzg‘unchi illatlar ta’siriga tushib qolgan kimsalarni ham uchratib turibmiz. Bugun jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan, giyohvandlik tufayli jismonan va ruhan mayib–majruh bo‘lgan, hatto, ota-onasi oldidagi farzandlik burchini unutib, ularni mexribonlik uyiga elitib qo‘yayotgan yoshlar uchrab turibdi. Ko‘cha–ko‘yda ochiq–sochiq kiyinib, behayo so‘zlarni bemalol gapirib, hammaning asabiga tegadigan yoshlar qaerdan paydo bo‘lyapti? Hayotga yengil – yelpi qarashga o‘rgangan, turmushning ilk qiyinchiliklari oldida dosh bera olmay ajrashib ketayotgan yosh oilalar qancha. O‘rtada farzandlar yetim, yetim bolalar uylari soni ortsa ortyaptiki, kamayayotgani yo‘q. Bu nimaning oqibati, degan savolga bu turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siri oqibati, inson ma’naviyatidagi kemtiklik, deyish mumkin.
Aslida, yer yuzida bekamu ko‘st jamiyatning, davlatning o‘zi bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Ideal inson bo‘lmagani kabi, kamchiliksiz odamning o‘zi yo‘q. Ammo xalq tomonidan ardoqlanib, avaylab-asrab kelinayotgan qadriyatlar, odob- axloq me’yorlariga rioya etmaslik SHarq mamlakatlarida ma’naviyatidagi illat hisoblanadi. Xo‘sh, balo–qazodek yopirilib kelayotgan bunday illatlarga qanday qarshi kurashish kerak, ularning, kelajagimiz bo‘lmish yoshlar ongini zaharlamasliklari uchun nima qilish kerak, degan haqli savol o‘z – o‘zidan paydo bo‘lib turibdi.
Yoshlar ma’naviyatini turli illatlardan saqlab qolishning eng muhim omili bu tarbiya, tarbiya esa, avvalo, oiladan boshlanadi. Zero, oila jamiyatning bosh bo‘g‘ini, tarbiyaning asosiy tayanchidir.
Odamlarni, xususan yoshlarni har qanday ta’sirlardan, buzg‘unchiliklardan asrashning yagona yo‘li avvalo, oilada ma’naviy-ma’rifiy tarbiyani davom ettirish, jaholatga qarshi faqat ma’rifat bilan qarshi turmoq lozim. «Tarbiya, – deyiladi muqaddas «Avesto»da, – hayotning eng muhim tayanchi bo‘lib hisoblanishi lozim». Bugungi tahlikali davrda agar ota–onaning o‘zi tarbiyalangan, milliy–ma’naviy qadriyatlardan xabardor va unga qat’iy amal qiladigan bo‘lsagina, ular tarbiyalayotgan farzandda milliy xususiyatlarni ko‘rish mumkin. Onaning o‘zi «zamonaviy»man deb yarimyalang‘och kiyinsa, behayo so‘zlarni odat qilgan bo‘lsa, spirtli ichimliklarni iste’mol qilib tursa, yengiltaklik ko‘chasida yurgan bo‘lsa yoki bunday qusurlarga ota ruju qo‘ygan bo‘lsa, ular tarbiyalayotgan farzandda qanday qilib ma’naviy kemtiklik bo‘lmaydi, deya olamiz. «Farzandlar tarbiyasidagi fazilatlar va nuqsonlar sababchisi bolaning o‘zi emas, balki, uning ota-onalaridir», deganda nechog‘li haq edi, o‘zbek mumtoz adabiyotining namoyandalaridan biri Yusuf Xos Hojib. Zero, millat, mamlakat ma’naviy taraqqiyoti oiladan boshlanar ekan, Prezidentning quyidagi fikri uni yana bir bor isbotlab beradi: «…Oila sog‘lom ekan-jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan-mamlakat barqarordir».
Haqiqatan, inson tarbiyasi, uning ma’naviy kamolati oilada tarkib topa boradi. Axir «Qush uyasida ko‘rganini qiladi», deb bejiz aytishmaydi. Aynan oila muhitida paydo bo‘ladigan ota–onaga hurmat, ularning oldidagi umrbod qarzdorlik burchini chuqur anglash, har qaysi insonga xos bo‘lgan odamiylik fazilatlari va oilaviy munosabatlarning negizini, oilaning ma’naviy olami tashkil etadi. SHunday ekan, oiladagi muhitni yaxshilash, har tomonlama mustahkam oilalarni ko‘paytirish oldimizda turgan muhim vazifa.
Ma’lumki, ota–bobolarimiz qadimdan bebaho boylik bo‘lmish ilmu-ma’rifat, ta’lim va tarbiyani inson kamoloti hamda millat ravnaqining eng asosiy sharti va garovi deb bilgan. Bugun oila bilan bir qatorda bola tarbiyasi va uning ma’naviy qiyofasiga mas’ullik bevosita ta’lim-tarbiya maskanlari zimmasidadir. Bu yerda ta’lim–tarbiyaviy, ma’naviy–ma’rifiy ishlar qanchalik puxta tashkil etilsa, bola ma’naviyatining tug‘ri shakllanishiga shuncha katta ta’sir ko‘rsatadi. Bugun ustoz-murabbiylarga qo‘yilayotgan talab ham qat’iy: har bir bolaning chuqur bilim olishi bilan birga uning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, dunyoda sodir bo‘layotgan mafkuraviy jarayonlar, turli buzg‘unchi g‘oyalarning mazmun-mohiyatini yoshlar ongiga singdirish va ularning ongida buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirish dolzarb vazifa. CHunki bugun bir bola tarbiyasiga nisbatan e’tiborsizlik ertaga bir necha yoshlarning buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolishiga olib kelishi mumkin. SHu o‘rinda I.A.Karimov aytganidek, bugun yoshlarimiz qanday qadriyatlar sari intilmoqda, qanday niyat, orzu, o‘y–xayollar bilan yashamoqda, biz bunga aslo loqayd va befarq qaramasligimiz kerak. Ota –ona, ustoz, murabbiy, yetakchi–rahbar sifatida bu jarayonni chetdan turib kuzatib turishga xaqqimiz yo‘q. O‘zini haqiqiy pedagog, murabbiy–ustoz deb bilgan har bir ziyoli kishi ta’lim–tarbiya maskanida faoliyat yuritar ekan, demakki, shu yerda tahsil olayotgan har bir bolaning tarbiyasida, ma’naviy olamining shakllanishida bevosita masьuldir. «Bolaning xarakterini, tabiati va dunyoqarashini belgilaydigan ma’naviy mezon va qarashlar-yaxshilik va ezgulik, olijanob va mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas tushunchalarning poydevori oila sharoitida qaror topishi tabiiydir».
Xalqimiz orasida o‘zini bolalar tarbiyasiga bag‘ishlagan, o‘nlab ajoyib shogirdlar tarbiyalagan, o‘zining yuksak ma’naviyati bilan el hurmatiga sazovor bo‘lgan murabbiy–ustozlarimiz qancha. Ular tarbiyalagan shogirdlar mamlakatimiz taraqqiyotiga, xalqimizning ma’naviy kamolatiga xizmat qilmoqda. Ammo «guruch kurmaksiz bo‘lmagani»dek, o‘zini ziyoliman, deb yurib, turli buzg‘unchiliklar bilan shug‘ullanayotgan insonlar ham oramizda yo‘q emas, albatta. Ustozning yoshlar tarbiyasi, ma’naviy qiyofasining shakllanishidagi o‘rni alohida. Qachonki, ustozning o‘zi o‘z ishiga fidoyi, jonkuyar va u yuksak ma’naviyat egasi bo‘lsa, uning tarbiyasini olgan yoshlar ma’naviyatida turli buzg‘unchiliklarga o‘rin olmaydi. Xalqimiz «Ustoz otangdek ulug‘» deganida shogirdning o‘z ustoziga hurmati bilan birga ustoz o‘zining yuksak insoniy fazilatiga ega bo‘lishini ham nazarda tutgan, desak xato qilmagan bo‘lamiz.