1-boshlovchi: — Assalomu alaykum, qadrli mehmonlar, munis onalar va aziz otalar, muhtaram ustozlar, tengdoshlar!
2- boshlovchi: —
Tilimda, dilimda eng
ezgu kalom,
Azizlar, sizlarga
salom, assalom!
1- boshlovchi: —
Hurmatli mehmonlar, bugungi «INSON AZIZ, XOTIRA MUQADDAS!» nomli tadbirimizni ochiq deb e’lon qilamiz.
2- boshlovchi:
— Istiqlol tufayli ko‘p an’ana va urf- odatlarimiz tiklandi, o’tmishda millat ozodligi, xalq farovonligi yo’lida jonbozlik ko’rsatgan ajdodlarimiz nomi abadiyatga muhrlandi.
Shamol tegib ko`krakka,
0‘zimizni tanidik.
Malham bo’lgan yurakka
So’zimizni tanidik.
1- boshlovchi: — 1999- yil 3-martdagi 0‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga binoan 9- may «Xotira va qadrlash kuni» umumxalq bayrami sifatida nishonlanadigan bo’ldi.
2-boshlovchi: Xalq orasidagi «Qarisi bor uyning parisi bor», «Qarisi bor uyda baraka bo‘ladi» degan ibratomuz gaplar ham o’tmishi buyuk ajdodlarning boy ma’naviy merosi bilan g’ururlanishi mumkin bo‘lgan millat ekanligimizdan dalolat beradi.
1-boshlovchi:0‘tganlar ruhini yod olish, tiriklarga mehr-oqibat ko’rsatish kabi qadriyatlar har bir insonning burchi va vazifasi sanaladi.
2-boshlovchi: — Xotira va qadrlash kunidek ulug‘ kun haqida so‘z borar ekan, avvalo, xotira nima ekanligini tushunib olishimiz kerak. Bunda Yurtboshimizning so’zlari diqqatga sazovor: «Xotira bu — foniy dunyodan o’tgan ajdodlarimizni eslash, ularning chirog`ini yoqib, ezgu ishlarini davom ettirish»dir.
2- boshlovchi: — Ha, xotira bugungi tinch va baxtiyor kunlarimiz uchun jonini fido qilgan bobolarimiz nomini yodga olish, qadr esa yonimizdagi mo’ysafid otaxon-u onaxonlarimizni e’zozlab, qadriga yetish, desak mubolag’a bo‘lmaydi.
( Maydonga bobo va nabira chiqib keladi).
Bobojon, qayerga ketyapsiz, axir bugun dam olish kuni-ku?
-Bolam, sen bilan bir yerga borishimiz kerak. Ko’nglimni yozib, olis xotiralarimni yodga olmoqchiman. Borasanmi, bolajonim?
-Boraman, bobojon, boraman. Faqat qayergaligini ayting.
– Xotira maydoniga, o‘g‘lim.
– Mayli bobojon, yuring.
Ular «Motamsaro ona» haykali qoshiga kelishadi.
-Bobojon, bu kimning haykali?
– Bu — farzandini urushga jo’natgan va kelishini intizorlik bilan kutayotgan ona haykali, o’g’lim. Mazkur yodgorlik yurt tinchligi uchun jonini fido qilgan mard o’g’lonlar va ularni kutib yashagan mushtipar onalar xotirasini
abadiyatga muhrlash maqsadida o’rnatilgan.
-Bobojon, odamlar «Motamsaro ona» haykali poyiga gulchambarlar qo’yishyapti, men ham qo‘ysam maylimi?
-Mayli, bolam, mayli.
Qo’llarida gul ko‘targan bolalar
chiqib, yodgorlik atrofida tizilishadi:
O‘quvchi:
Jim do’stim, bir lahza sukut saqlaylik,
Baxtimiz qurboni bo’lganlar haqqi,
Nomlarin yod etib, bir-bir
yo’qlaylik,
Xalqim deb, yurtim deb o’tganlar haqqi.
O‘quvchi:
Ular yosh edilar, hayotga tashna,
To’yib ham totmagan sevgi otashin,
Umid g‘unchalari barg yozmay yashnab,
Abadiy qo‘yganlar tuproqqa boshin.
O‘quvchi:
Ota edi ular oilaga bosh,
Faxrlanib eslar o‘g‘il-qizlari,
Nogahon ko’zlardan sizib chiqar yosh,
Urush solgan dardning bitmas izlari.
O‘quvchi:
Fidolar qabrida kezaman beun,
Ma’yus bir kuy chalar qalbim torlari.
Alvon chechaklarga burkanib bu kun,
Bunda yotar baxtim ijodkorlari.
O‘quvchi:
— Xotira va qadrlash kunida xalqimiz, avvalo, istiqlolimiz, Vatanimiz sharafi uchun jon bergan insonlarni yodga oladi.
9- may — «Xotira va qadrlash kuni» munosabati bilan o’tkaziladigan xayriya tadbirlarida xalqimizga xos ezgu fazilatlar yorqin namoyon bo’ladi.
Oltin meros tarixini qadrlaydigan bizdek yoshlari bor yurtning kelajagi ham o’tmishi kabi buyuk bo‘ladi.
O‘quvchi:
Poytaxtimiz markazida 1999- yil 9- may kuni «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuyi ochildi. Majmuada mangu alanga yodgorligi va jigarbandini urushga jo’natib, qaytishini intizor kutayotgan «Motamsaro ona» haykali o’rnatilgan. Xiyobon ayvonidagi kitobga II Jahon urushida halok bo’lgan 450 mingga yaqin yurtdoshimiz nomi zarhal harflar bilan bitilgan.
O‘quvchi:
Xotira maydonlari mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham barpo etilgan. Bizning sharimizda ham yangi Xotira va qadrlash maydoni barpo etildi.Ikki gektar joyni egallagan zamonaviy maydonda Motamsaro ona haykali qad rostladi,alyuminiydan tayyorlangan maxsus kitoblar o’rnatildi. Ushbu kitoblarga Ikkinchi jahon urushida halok bo’lgan surxondaryoliklarning ism-familiyasi zarhal harflar bilan bitildi.
O‘quvchi:
Bunda necha avlodlarning sog‘inchlari bor,
Bunda nomlar jimirlatar jon birla tanni.
Ustunlar ham xotiraning o’ziday poydor,
Ko’tarib turganday ulug’ vatanni.
(Sirojiddin Sayyidning «Xotira maydoni ustunlariga» she’ri).
O‘quvchi:
Qatag‘on yillarida qatl etilgan ma’rifatparvar bobolar Bo‘zsuv kanali sohilidagi «Alvastiko‘prik» deb nom olgan jarlikka nom-nishonsiz ko’mib tashlangan edi. Ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida 2000- yili bu joy obod bir go’shaga aylantirilib, «Shahidlar xotirasi xiyoboni» deya nomlandi. Keyinchalik shu nomda muzey va jamg’arma tashkil qilindi.
O‘quvchi:
0‘tmishga bir nazar solaylik, mustaqillikka erishgunga qadar, ajdodlarimiz ko‘p qiyinchiliklarni boshidan kechirganiga guvoh bo’lamiz. Ularning ruhi, shijoati qalbimizni aslo tark etmaydi.
O‘quvchi:
Xonadonimiz to’rida savlat to’kib o’tirgan uyimiz farishtalari — bobo-buvilarimiz ham urush yillari boshlaridan juda og’ir kunlar o’tganini va bugungi tinchlikni qadrlash zarurligini tez- tez takrorlab turishadi. Vatan istiqboli uchun kurashadigan, fidoyi va jasur farzand bo’lib voyaga yetishimizni so’rab, duo qilishadi.
O‘quvchi:
Buvim menga doim uqtiradi: beparvolik, loqaydlik va sotqinlikning oqibati yomon bo‘lar ekan.
O‘quvchi:
Keksalarimiz niyati, ota-onamiz tilagi, el-yurt istagi — TINCHLIK! «Tinch elning bog’i gullar», deydi xalqimiz. Har bir inson Vatanining, eng avvalo, tinch bo‘lishini xohlaydi. Shukrki, kunlarimiz tinch, osoyishta o’tmoqda. Har bir tongni shukronalik bilan qarshi olamiz. Vatanimiz gullab-yashnamoqda. Bizni butun dunyo tan olmoqda va bularning hammasi sabr- qanoatli xalqimiz mehnati, davlatimizda yuritilayotgan odilona siyosat mevasidir.
Dunyoda bitsin urush,
Yer yuzi ko’rmasin dog`!
Gullasin shirin turmush,
Tinchlik bolsin hammayoq.
Yer katta, bizlar kichik,
Ammo bizlar ko’pchilik.
Istagimiz yagona —
Barqaror bo‘lsin tinchlik.
Ba’zi urushqoqlarni,
Insofga chaqiraylik.
Baralla ovoz bilan,
Biz shunday hayqiraylik:
— Gullarga quyosh kerak,
Tinchlik kerak bizlarga,
Tinchlik kerak dunyodagi
Barcha o‘g‘il-qizlarga!
(Hamza Imomberdiyevning «Tinchlik bo‘lsin» qo‘shig‘i).
0‘qituvchi: — Azizlar! Tinchligimiz, musaffo osmonimiz, mustaqilligimizning qadriga yetaylik!
1-boshlovchi: — Hurmatli mehmonlar, bugungi «Xotira — aziz, qadr — muqaddas», deb nomlangan tadbirimiz nihoyasiga yetdi. Barchangizga sog’lik, uzoq umr tilaymiz.
2- boshlovchi:
0‘tmishdan bizlarga eshitilar sas,
Bir zum bu ovozga quloq tutsang bas.
Zamin aylansa-da, yillar o‘tsa-da,
Birgalikda: «INSON AZIZ, XOTIRA MUQADDAS!»