Ona tili va adabiyot (umumta`lim maktablar uchun)
5-sinf I variant
Odob
Odob kichik yoshlilarni kattalar duosiga sazovor etadi. Yoshlar u duo barakasidan umrbod bahramand bo‘ladilar. Odob ulug‘lar ko‘nglida yoshlarga mehr uyg‘otadi va u odobli yoshga bo‘lgan muhabbat ko‘ngilda abadiy qoladi. Yoshlarni ko‘zga ulug‘ qilib ko‘rsatadigan fe’l-atvori odobdir, odoblilarning yurish-turishida xalq ulug’vorlik ko‘radi.
Odob kishilar tarafidan qilinishi mumkin bo‘lgan hurmatsizlik eshigini bekitadi va odamni hazil-mazaxdan, kamsitishdan saqlaydi. Odobdan kichiklarga shunchalik foyda yetadigan bo‘lsa, kattalarga nechog‘liq ekanini tasavvur qiling. Odob va tavoze do‘stlik oynasiga jilo beradi va ikki oraga yorug’lik bag’ishlaydi.
Odob urug’ini ekkan odamning hosili javohir bo’ladi. Odobli va go‘zal xulqli odamlar ko’payaversa, xalqning do‘stligi, ularning bir-biriga bo’lgan mehr-muhabbati borgan sari rivoj topadi.Odob barcha yaxshi xulqlarning boshidir.
(111 ta so`z) (Alisher Navoiy. “Mahbub ul-qulub”dan )